Ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish - dolzarb vazifa

Chop etish Sahifani ulashish
24.08.2026 216 Yangiliklar

Qonunchilikda xotin-qizlar va bolalar davlat tomonidan alohida himoya qilinadigan ijtimoiy zaif toifa sifatida e’tirof etilgan. Ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi mustahkamlangan. Shuningdek, "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi hamda "Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlar xotin-qizlar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning aniq huquqiy asoslarini belgilab berdi.

Ushbu qonunlarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining qator qarorlari qabul qilinib, zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, baholash va jabrlanuvchilarni himoya qilish tartib-taomillari joriy etildi. Xususan, mudofaa orderi instituti xotin-qizlar va bolalarni faol himoya qilish, zo‘ravonlik takrorlanishining oldini olishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini erta aniqlash, xavf darajasini baholash va individual himoya rejalarini ishlab chiqishga qaratilgan yangi tartiblar joriy etildi. Mazkur yondashuv bola manfaatlarini ustuvor qo‘yish tamoyilini amaliyotda ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bugungi kunda O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi davlat siyosati faqat jazo choralari bilan cheklanib qolmasdan, profilaktika, erta aniqlash va jabrlanuvchilarga kompleks yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi.

Prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi esa bu sohadagi davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqdi.

O‘zbekistonda joriy etilgan himoya orderi, maxsus yordam markazlari va reabilitatsiya xizmatlari mazmun-mohiyati jihatidan ana shu ilg‘or yondashuvlar bilan hamohangdir. Ayni paytda mahalla, ta’lim, sog‘liqni saqlash va huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish orqali erta aniqlash va profilaktika ishlari kengaytirilmoqda.

O‘zbekistonda xotin-qizlar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha mustahkam huquqiy va institutsional baza yaratildi. Himoya orderi, maxsus yordam markazlari, profilaktika va reabilitatsiya mexanizmlari davlatning inson manfaatlariga yo‘naltirilgan kompleks siyosat olib borayotganini ko‘rsatadi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ayollar va bolalar xavfsizligi jamiyat barqarorligining muhim shartidir. Bu boradagi islohotlarni izchil davom ettirish, jamiyatda zo‘ravonlikka qarshi munosabatni mustahkamlash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omili bo‘lib qoladi.

 

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

ma’muriy sudining

sudya katta yordamchisi                                                                                   G.Jolliboyeva