KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH VA OLDINI OLISHGA OID QONUN HUJJATLARINING AHAMIYATI

Chop etish Sahifani ulashish
28.10.2026 30 Yangiliklar

Bugungi kunda korrupsiya jamiyat rivojiga, davlat boshqaruvi samaradorligiga va fuqarolarning qonunga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan dolzarb muammolardan biridir. Korrupsiya davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida adolat, tenglik va qonuniylik prinsiplarining buzilishiga olib keladi. Shu bois korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish va uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishda qonun hujjatlarining ahamiyati beqiyos.

Korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan qonun hujjatlari davlat va jamiyat hayotida qonuniylikni ta’minlash, mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga xizmat qiladi. Ushbu qonunlar korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va sodir etgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rishning huquqiy asoslarini belgilaydi.

O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, 2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Ushbu qonun korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari, davlat organlari va tashkilotlarining vakolatlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini tartibga soladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar va ular uchun belgilangan javobgarlik choralari nazarda tutilgan. Boshqa qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlar ham davlat xizmatini takomillashtirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan.

Birinchidan, korrupsiyaga qarshi qonun hujjatlari qonuniylik va adolatni ta’minlashga xizmat qiladi. Qonun oldida barchaning tengligi jamiyatda ishonch muhitini shakllantirib, mansab va mansabdan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanishning oldini olishga ko‘maklashadi.

Ikkinchidan, bu qonunlar davlat organlari va mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshiradi. Davlat xizmatchilari o‘z faoliyatida qonun talablariga rioya etishi, fuqarolarning huquq va manfaatlarini hurmat qilishi hamda o‘z vakolatlaridan o‘z manfaati yo‘lida foydalanmasligi kerak.

Uchinchidan, korrupsiyaga qarshi qonunchilik iqtisodiy rivojlanish uchun qulay sharoit yaratadi. Korrupsiyaning kamayishi tadbirkorlik faoliyatida teng imkoniyatlarni ta’minlash, investitsiyalarni jalb qilish, davlat mablag‘laridan samarali foydalanish va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishga ko‘maklashadi.

o‘rtinchidan, qonun hujjatlari fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi. Fuqarolar o‘z huquq va majburiyatlarini yaxshi bilish orqali korrupsiya holatlariga befarq bo‘lmaslikka, qonun buzilishlari haqida tegishli organlarga xabar berishga hamda jamiyatda halollik muhitini shakllantirishga hissa qo‘shishga intiladi.

Beshinchidan, korrupsiyaga qarshi qonunchilik davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga ko‘maklashadi. Davlat xizmatlarini raqamlashtirish, qaror qabul qilish jarayonlarining shaffofligi va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirishning muhim vositalaridir.

Korrupsiyaga qarshi samarali kurashish faqat davlat organlarining vazifasi emas. Bu jarayonda fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, ta’lim muassasalari va boshqa jamoat institutlari ham faol ishtirok etishi zarur.

Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida halollik, vijdonlilik, mas’uliyat va qonunga hurmat tuyg‘ularini shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Ta’lim muassasalarida korrupsiyaning salbiy oqibatlari haqida tushuntirish ishlarini olib borish, huquqiy savodxonlikni oshirish va shaxsiy namuna orqali halollikni targ‘ib qilish kelajakda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantiradi.

Shu bilan birga, korrupsiya holatlariga duch kelgan fuqarolarning qonuniy huquqlarini himoya qilish, murojaatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlarini takomillashtirish hamda xabar beruvchilarning qonunda belgilangan huquqlarini ta’minlash ham muhimdir.

Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga oid qonun hujjatlari mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va jamiyatda adolatni qaror toptirishning muhim huquqiy asosidir. Lekin qonunlarning mavjudligi bilan cheklanib qolmasdan, ularning amalda samarali ijrosini ta’minlash ham zarur.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat organlari va jamoatchilikning hamkorligi, huquqiy madaniyatning yuksalishi, ochiqlik va oshkoralikning ta’minlanishi muhim ahamiyatga ega. Har bir fuqaro qonunlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lib, halollik va adolat tamoyillariga amal qilsa, korrupsiyadan xoli jamiyat qurishga munosib hissa qo‘shgan bo‘ladi.

Demak, korrupsiyaga qarshi qonun hujjatlari nafaqat huquqbuzarliklarga qarshi kurashish vositasi, balki barqaror taraqqiyot, aholi farovonligi va demokratik huquqiy davlatni rivojlantirishning muhim kafolatlaridan biridir.

 

 

Nukus tumanlararo ma’muriy

sudining sudyasi                                                                      K.R.Babanazarov.