0%ga kattalashtirish
0% ga kattalashtirish
Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Davlatimiz rahbari bu illatga qarshi kurashishda davlat idoralari faoliyatida ochiqlikni ta’minlashni ustuvor vazifa sifatida belgilab berdi. Bu boradagi muhim huquqiy asoslardan biri O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 iyun kungi "Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi 931-sonli Qonunining qabul qilinishi bo‘ldi. Ushbu Qonun korrupsiyaning bir ko‘rinishi bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va tartibga solish, korrupsiyaga qarshi tizimli kurashishning mustahkam huquqiy asosini ta’minlaydi. Ushbu huquqiy hujjat manfaatlar to‘qnashuvi tushunchasiga aniq ta’rif berib, bu holat kimlar o‘rtasida va qachon yuzaga kelishi mumkinligini belgilaydi.
Manfaatlar to‘qnashuvi - davlat tashkiloti xodimining, uning yaqin qarindoshlarining va unga aloqador bo‘lgan shaxslarning shaxsiy manfaatlari bilan fuqarolarning, tashkilotning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelgan va yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (mo‘ljallanayotgan manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat.
Davlat tashkiloti xodimlari, ularning yaqin qarindoshlari va ularga aloqador shaxslarning manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish sohasidagi huquq va majburiyatlari, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida davlat tashkiloti xodimlariga nisbatan quyidagi bir qator cheklovlar belgilanmoqda:
- o‘zi ishlayotgan davlat tashkiloti nazorati ostidagi tijorat tashkilotlarida ulushga o‘zi yoki yaqin qarindoshlari ega bo‘lishi;
- tijorat tashkilotlarining muassisi (aksiyadori, ishtirokchisi) bo‘lish (aksiyadorlik jamiyatlarining ommaviy muomalada bo‘lgan 10 foizgacha aksiyalariga egalik qilish bundan mustasno);
- o‘zi ishlayotgan davlat tashkilotida o‘zining, yaqin qarindoshlarining yoki unga aloqador shaxslarga taalluqli ishlarni ko‘rib chiqishda vakil sifatida ishtirok etish;
- o‘zi ishlayotgan davlat tashkilotining mol-mulkini sotib olishda, ijaraga olishda qatnashishi yoki bu savdolarda yaqin qarindoshlarining qatnashishi (elektron auksion bundan mustasno) taqiqlanadi.
Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, aniqlash va tartibga solish bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari, kadrlar bilan ishlash bo‘limlari, odob-axloq komissiyalari vakolatli tuzilmalar tizimi etib belgilanib, davlat organlari va tashkilotlarida aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini hisobga olish reyestri yuritilishi joriy etildi.
Manfaatlar to‘qnashuviga oid talablarni buzganlik uchun manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlarga rioya qilmagan davlat tashkiloti xodimlariga nisbatan quyidagi huquqiy oqibatlar, ya’ni intizomiy javobgarlik, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda qabul qilingan qarorlar va tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb topilishi hamda aybdor xodimdan yetkazilgan zararni undirish, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga davlat organi xodimlarining manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermaganligi va uni tartibga solmaganligi uchun ma’muriy jarimalar belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti M.Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomada 2026 yilda e’lon qilingan "favqulodda holat"ni mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning yangi tizimi sifatida tushunish kerakligi, "favqulodda holat" e’lon qilinishi munosabati bilan bugun barcha davlat idoralarida komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etilishi belgilanganligi, komplaens xizmati faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar - korrupsiyaga sherik deb baholanishi va javobgarlik shunga yarasha bo‘lishi, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashishni tartibga soluvchi maxsus qonunchilik bazasi shakllantirilib, davlat idoralari faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish choralari ko‘rilishi bildirildi.
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida izchil va kompleks amalga oshirilgan chora-tadbirlardan biri bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi
PQ-270-sonli Farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining vakolatlari va vazifalari kengaytirildi hamda agentlikka xalqaro moliya institutlarining loyihalarida manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va oldini olish vazifasi yuklatildi. Bu esa agentlikni nafaqat "hisobchi," balki tizimni boshqaruvchi va standart belgilab beruvchi markaziy institut sifatida mustahkamlaydi.
Bundan tashqari, farmon bilan raqamlashtirish yo‘nalishida "Raqamli komplayens" axborot dasturiy majmuasi 2026 yil 1 iyuldan sinov rejimida ishga tushirilishi belgilangan. U tezkor ma’lumot almashish, davlat idoralari axborot tizimlarini integratsiya qilish, "E-komplayens" moduli orqali ichki nazorat faoliyatini to‘liq raqamlashtirish va sun’iy intellekt asosida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash imkoniyatlarini nazarda tutadi. Xususan, davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvini aniqlab, ishtirokni avtomatik cheklash mexanizmi joriy etiladi. Shuningdek, "E-qaror" tizimida hujjatlarni asossiz ravishda e’lon qilmaslik shaffoflik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish sifatida baholanishi alohida belgilab qo‘yilgan.
Xulosa qilib aytganda, "Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi Qonunning qabul qilinishi davlat tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, aniqlash va tartibga solishning samarali mexanizmlarini joriy etish, uning huquqiy oqibatlarini aniq belgilash hamda hamda O‘zbekistonning korrupsiyaga oid xalqaro reytingdagi ko‘rsatkichlarini oshirishga xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining sudya katta yordamchisi S.Abdikarimova
