0%ga kattalashtirish
0% ga kattalashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini ochib bergan, kelgusidagi rivojlanish yo‘nalishlarini aniq belgilab bergan dasturiy siyosiy hujjat sifatida katta ahamiyatga ega. Ushbu Murojaatnomada inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash, jamiyatda adolat mezonlarini qaror toptirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekani yana bir bor qat’iy ta’kidlandi.
Prezident tomonidan sud-huquq sohasida ilgari surilgan taklif va tavsiyalar nafaqat davlat organlari, balki butun jamiyat oldiga mas’uliyatli vazifalarni qo‘yadi. Zero, adolatli va mustaqil sud hokimiyatisiz demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish mumkin emas. Shu ma’noda, Murojaatnoma Yangi O‘zbekistonda huquqiy davlat qurishning strategik yo‘l xaritasi vazifasini bajaradi.
Prezident Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirish yo‘lida “raqamli sud” konsepsiyasi joriy etilmoqda. Sud va tergov jarayonlarini raqamlashtirish, jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan tortib ishni sudga o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash orqali inson omilini qisqartirish, shaffoflikni ta’minlash va inson huquqlari himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
2026 yildan e’tiboran tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlarining berilishi shaxs erkinligi kafolatlarini yanada oshiradi. Bugungi kunda sud-huquq tizimida dolzarb vazifalar qatoriga sudyalar ixtisoslashuvini yanada chuqurlashtirish, sun’iy intellekt asosida ishlarni adolatli taqsimlash, sud hujjatlarini avtomatlashtirish, kiberxavfsizlikni ta’minlash, sudni “oxirgi va eng ishonchli instansiya” sifatida qaror optirish kabi masalalarni kiritish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmunan chuqur, aniq va natijaga yo‘naltirilgan xarakterga ega. Prezident Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar sud-huquq tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlash uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Odil sudlov qaror topgan, qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda fuqarolarning davlatga ishonchi mustahkamlanadi, tadbirkorlik va investitsiya muhiti yaxshilanadi, mamlakatning xalqaro nufuzi ortadi. Demak, sud-huquq sohasidagi islohotlarni izchil va qat’iy davom ettirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim va ajralmas sharti hisoblanadi."
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
ma’muriy sudining sudya katta yordamchisi Z.Raimova
