Sudlarga murojaat qilishda ochiqlik va shaffoflik

Chop etish Sahifani ulashish
17.03.2026 69 Yangiliklar

O‘zbekistonda sudlarga murojaat qilishda ochiqlik va shaffoflik tamoyili qonunchilikda mustahkamlangan bo‘lib, jamoatchilikning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirishga, odil sudlovni ta’minlashga va korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan. U ikkita asosiy jihatni o‘z ichiga oladi: sud jarayonining ochiqligi va sud ishlarining shaffofligi.

Sud ishlarining ochiqligi – bu sud jarayoni ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslarning, jumladan OAV vakillarining sud muhokamalarida qatnashish imkoniyatini anglatadi. Bu quyidagi yo‘llar bilan amalga oshiriladi:

Bu quyidagi yo‘llar bilan amalga oshiriladi:

- sud jarayonlarida shaxsan ishtirok etish;

- video-konferensiya aloqasidan foydalanish (vka.sud.uz);

            - Oliy sud veb-saytida sud jarayonlarini onlayn efirga berish.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 137-moddasiga muvofiq, hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yo‘l qo‘yiladi. Masalan, ishda ishtirok etuvchilarning shaxsiy hayoti, bola asrab olish siri yoki yozishmalar siri ochilishi xavfi mavjud bo‘lganda ishlar yopiq sud majlisida ko‘riladi.

Ochiq sud majlislari sud jarayoni ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslarning ishtirok etishiga imkon bermaydigan joylarda o‘tkazilishi mumkin emas, OAV vakillariga qonunda belgilanmagan asoslarda sud zaliga kirishida to‘siqlar yaratilmasligi kerak, raislik qiluvchi sudya yoki sudlov hay’atining ruxsati bilan sud jarayonida audio va video yozuv olib borishi mumkin.   Shaffoflik sudlar faoliyati va ularning qarorlari haqidagi ma’lumotlarning qo‘l ostida bo‘lishini anglatadi. Bu:

sud qarorlarining matnlarini sudlarning rasmiy veb-saytlarida chop etish (davlat sirini yoki qonun bilan himoyalangan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlardan tashqari);

sud saytlarida bo‘lib o‘tadigan sud majlislari va ish jadvali haqidagi ma’lumotlarni joylashtirish (jadval.sud.uz);

sud binolarida sudning ish rejimi, telefon raqamlari va boshqa ma’lumotlar joylashtiriladigan axborot stendlaridan foydalanish;

fuqarolarning so‘rovlari bo‘yicha og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda ma’lumot berish orqali ta’minlanadi.

Sud tizisida ochiqlik va shaffoflik quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar bilan ta’minlanadi:

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;

“Sudlar to‘g‘risida”gi, “Axborotga erishish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi, “Axborot erkinligi prinsipi va kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘richida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunlari va boshqalar;

Fuqarolik-protsessual, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy-protsessual kodekslar, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi.

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sud tizimini isloh qilish va uning ochiqligini oshirishga qaratilgan farmonlari muhim ahamiyatga ega.

Sud tizimida ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish uchun zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilmoqda:

elektron sud tizimi, da’volar va arizalarni elektron shaklda topshirish, ishni ko‘rib chiqish jarayonini kuzatish imkonini beradi (exsud.sud.uz);

davlat bojlari va sud harajatlarini to‘lash uchun yagona elektron to‘lov tizimi (billing.sud.uz);

inson omilini kamaytirish uchun sudyalar o‘rtasida ishlarni avtomatik taqsimlash;

Oliy sud rahbariyatining onlayn qabuliga yozilish uchun elektron qabulxona (qabul.sud.uz).

Ochiqlik va shaffoflik jamoatning sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirishga, sud faoilyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlashga, korrupsion holatlarni kamaytirishga, sud qarorlarining sifatini yaxshilashga, sud qarorlarining adolatli va asoslantirilganligiga ishonch hosil qilishga qaratilgan. Bunda ochiqlik bilan sud jarayoni ishtirokchilarining huquqlarini himoya qilish, shuningdek, davlat xavfsizligi o‘rtasida muvozanat saqlash muhim.

 

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

ma’muriy sudining sudya katta yordamchisi                                                     Z.Raimova