TASHUVCHILAR DIQQATIGA

Chop etish Sahifani ulashish
31.10.2025 68 Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-oktabrdagi 710-son qarori (https://lex.uz/uz/docs/-7180916)ga 2-ilova sifatida “Mahalliy yuk tashuvchilarning katta hajmli va og‘ir vaznli avtotransport vositalarining avtomobil yo‘llari bo‘ylab harakatlanishi uchun to‘lovlarni amalga oshirish hamda harakatlanish va yuk tashish qoidalarini buzganlik natijasida yetkazilgan zararni qoplash tartibi to‘g‘risidagi” nizom tasdiqlangan (https://lex.uz/uz/docs/-7180916#-7181994).

Mazkur nizomning 3-bobida katta hajmli va og‘ir vaznli avtotransport vositalarining umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida harakatlanish va yuk tashish qoidalarini buzganlik natijasida yetkazilgan zararni qoplash uchun to‘lovlar belgilangan.

 Katta hajmli va og‘ir vaznli avtotransport vositalari ruxsatnomasiz harakatlanishi va yuk tashish qoidalarini buzganlik natijasida avtomobil yo‘llari qoplamasiga va konstruksiyasiga yetkazilgan zarar miqdori har bir bosib o‘tgan kilometr masofa uchun quyidagicha hisoblanadi:

- avtotransport vositasining umumiy og‘irligi 50 tonnagacha bo‘lganda – bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz foizi miqdorida;

- avtotransport vositasining umumiy og‘irligi 80 tonnagacha bo‘lganda – bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida;

- avtotransport vositasining umumiy og‘irligi 80 tonna va undan yuqori bo‘lganda – bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari miqdorida.

Bosib o‘tilgan masofani aniqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda yetkazilgan zarar miqdorlari ikki yuz kilometr uchun undiriladi.

Katta hajmli va og‘ir vaznli avtotransport vositalarining umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida harakatlanish va yuk tashish qoidalarini buzganlik natijasida yetkazilgan zarar Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda undiriladi.

Yuk tashuvchiga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilganda, uni avtomobil yo‘li va yo‘l inshootlariga yetkazilgan zararni qoplashdan ozod etmaydi.

Bugungi kunda og‘ir yuk ortilgan avtotransport vositalari miqdori sezilarli darajada oshib borayotganligi sababli avtomobil yo‘llarida vazn va hajm parametrlari nazoratini kuchaytirish dolzarb masalaga aylanmoqda.

Barcha qilinayotgan ishlarning maqsadi avtomobil yo‘llari va ko‘priklarning muddatidan oldin buzilishlarini oldini olish, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, me’yordan ortiq yuk ortilgan avtotransport vositalarini tartibga solishdan iboratdir.

Hurmatli yuk tashuvchilar!

Respublikamiz avtomobil yo‘llarida harakatlanganda belgilangan talab va me’yorlarga rioya etgan holda harakatlaning.

Zero, avtomobil yo‘llari xalqimizning umumiy mulkidir va uni asrab avaylash barchamizning burchimizdir!