Transport vaziri Pekinda bo‘lib o‘tgan Barqaror transport bo‘yicha global forumda ishtirok etdi

Chop etish Sahifani ulashish
28.09.2026 48 Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Maxkamov Pekinda bo‘lib o‘tgan Barqaror transport bo‘yicha global forumda ishtirok etdi.
 
Tadbir hukumatlar, transport idoralari, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar va ishbilarmon doiralarning yuqori martabali vakillarini xalqaro transport bog‘liqligini rivojlantirish, logistika zanjirlarining barqarorligi ta’minlash, sohani raqamlashtirish va yangi texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qilish uchun birlashtirdi.
 
Forumdagi nutqi davomida Transport vaziri Ilhom Maxkamov barqaror transportni rivojlantirish, xalqaro transport bog‘liqligini mustahkamlash va zamonaviy logistika tizimlarini shakllantirish borasida O‘zbekistonning ustuvor maqsadlari yuzasidan fikr bildirdi.
 
Vazir bugungi kunda global ta’minot zanjirlarining chuqur o‘zgarishi sharoitida transport nafaqat yordamchi soha, balki jahon iqtisodiyotining mustaqil, strategik ahamiyatga ega sektori maqomiga aylanib borayotganini ta’kidladi.
 
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Xitoy tomonidan ilgari surilgan global tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va barqaror transportni rivojlantirish mazkur tashabbuslari amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rishini qayd etdi.